Kontent qismiga oʻtish

Veksel

Vikipediya, erkin ensiklopediya
1926-yilda Imperial Bank of Indianing Birma, Rangun shahrida bergan 20 000 rupiy miqdoridagi, foiz to‘lovi nazarda tutilgan vekseli
Ukrainaning oddiy veksel blankasi

Veksel (nemischa Wechsel — ayirboshlash) — koʻrsatilgan muddatda muayyan miqdordagi pulni toʻlash majburiyati qayd etilgan qarzdorlik haqidagi rasmiy hujjat, qimmatli qogʻoz. Veksel toʻlov, kredit va hisob-kitob vositasi sifatida qoʻllanadi. U xalqaro savdoda toʻlov majburiyatini rasmiylashtirish, qisqa muddatli tijorat krediti, banklararo munosabatlar hamda ssuda olishda garov vositasi sifatida ishlatilishi mumkin. Vekselning oddiy veksel, oʻtkazma veksel, xazina vekseli, moliya vekseli va tijorat vekseli kabi turlari mavjud[1].

Oʻzbekiston qonunchiligida veksel veksel beruvchining yoki unda koʻrsatilgan boshqa toʻlovchining belgilangan muddat kelganda veksel egasiga muayyan summani toʻlashga doir shartsiz majburiyatini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qogʻoz sifatida belgilanadi[2].

Veksel hisob vositasi va ayirboshlash hujjati sifatida Yevropa mamlakatlarida XVII asrda shakllangan. XIX asr oxiridan boshlab Turkistondagi xususiy tijorat banklari savdo-sotiqda veksel muomalasini keng yoʻlga qoʻygan. Sovet Ittifoqida, shu jumladan O‘zbekistonda, veksel yangi iqtisodiy siyosat davrida davlat va kooperativ korxonalar oʻrtasidagi munosabatlarda ham ishlatilgan.

1930–1932-yillardagi kredit islohoti natijasida bevosita maqsadli bank orqali kreditlashga oʻtilishi bilan mamlakat ichidagi veksel muomalasi tugatilgan. Koʻpgina davlatlarda veksel muomalasi 1930-yilda Jenevada qabul qilingan „Veksel toʻgʻrisida“gi konvensiyaga muvofiq tartibga solinadi[3].

Vekselning majburiy unsurlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jeneva konvensiyasiga muvofiq vekselda quyidagi majburiy unsurlar boʻlishi belgilangan:

  • veksel belgisi — „veksel“ yozuvi;
  • vekselda koʻrsatilgan summani soʻzsiz toʻlash majburiyati;
  • qarz toʻlovchi va birinchi veksel egasining nomi;
  • remitent nomi;
  • toʻlov muddati va joyi;
  • veksel toʻldirilgan sana va manzil;
  • veksel beruvchining imzosi[4].

Vekselning amal qilish muddatini uzaytirish, yaʼni veksel prolongatsiyasi, qonunga muvofiq yoki trassant va trassatning oʻzaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekistonda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrdagi „Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida“gi qonuniga muvofiq 1994-yildan boshlab Oʻzbekistonda veksellar muomalaga kiritilgan[5]. Keyinchalik veksel Oʻzbekistonning qimmatli qogʻozlar bozoriga oid qonunchiligida ham qimmatli qogʻoz turlaridan biri sifatida qayd etilgan[6].

  1. ↑ „Veksel“. Onlayn Ensiklopediya. Qaraldi: 2026-yil 3-oktyabr.
  2. ↑ „Veksel“. O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portali. Qaraldi: 2026-yil 3-oktyabr.
  3. ↑ „Veksel“. Onlayn Ensiklopediya. Qaraldi: 2026-yil 3-oktyabr.
  4. ↑ „Veksel“. Onlayn Ensiklopediya. Qaraldi: 2026-yil 3-oktyabr.
  5. ↑ „Veksel“. Onlayn Ensiklopediya. Qaraldi: 2026-yil 3-oktyabr.
  6. ↑ „O‘zbekiston Respublikasining «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida“. Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi. Qaraldi: 2026-yil 3-oktyabr.
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil